O‘zbekistonda 1993-yilgacha qabul qilingan idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotadi

Qisqa muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga o‘z kuchini yo‘qotayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rniga yangilarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi kiritiladi
Sputnik

TOShKENT, 27 apr – Sputnik. O‘zbekiston hududida 1993-yil 17-iyungacha qabul qilingan va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan, sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram kanali xabar bermoqda.

Vazirlikning bildirishicha, aynan 1993-yil 17-iyunga qadar vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar umummajburiy tusdagi normativ hujjatlar huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmagan, mazkur hujjatlar ro‘yxatga olingach ularga o‘zgartirish kiritilganda ham biron-bir idora bilan kelishilmagan. Har bir idora o‘z foydasiga qonun hujjatlarini qabul qilib, ish yuritavergan.

"Bu hujjatlar Konstitutsiyamizga yoki qonun hujjatlariga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, nazorat qilinmagan. Chunki bunday vakolat tayinli biron tashkilot zimmasiga yuklanmagan edi. Aynan 1993-yil 17-iyunda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar umummajburiy bo‘lgan normativ hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqalar)ni tayyorlayotganlarida ularning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etishlari majburiy etib belgilandi. Shu sababli 1993-yil 17-iyungacha qabul qilingan umummajburiy bo‘lgan idoraviy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotishi nazarda tutilmoqda", — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2019-yil 1-yanvardan sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi

Xabar qilinishicha, shu yilning 23-aprel kuni Adliya vazirligida 25 ta manfaatdor davlat tashkilotlari bilan birinchi ishchi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 1993-yilgacha qabul qilingan yuzga yaqin qonun hujjatlarining dolzarbligi jiddiy o‘rganilib, ularning ayrimlari yangi tahrirda qabul qilinishi yuzasidan takliflar bildirildi.

"Yig‘ilish davomida aniqlangan ayrim holatlar, jumladan, xodimlarga 1985-1986 yillarda qabul qilingan Turli mutaxassisliklar bo‘yicha soatbay ishlaydigan xodimlar uchun yagona soha meyorlari asosida bugungi kunga qadar oylik to‘lanib kelinayotganligi ko‘pchilikni taajjublantirdi", — deb yoziladi xabarda.

Shu bilan birga yig‘ilish ishtirokchilari davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi, harbiy xizmatchilar uchun pensiya ta’minoti tizimini tashkil etish, ularning oilalari va Mudofaa vazirligi nafaqaxo‘rlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimini tartibga solishga doir qonun hujjatlarining muhim jihatlariga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Vazirlik qisqa muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga o‘z kuchini yo‘qotayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rniga yangilarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi kiritilishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida keltirilishicha, yuqorida keltirilgan tartibga ko‘ra, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklari tomonidan 1992-yil 18-aprelda tasdiqlangan "Transport vositalarini boshqarayotgan shaxslarni mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruviga yo‘llash hamda alkogol yoki tarkibida alkogol bo‘lgan ichimliklarni, giyohvand yoki boshqa gangituvchi moddalarni iste’mol qilganlik hollarini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma" ham o‘z kuchini yo‘qotadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroqO‘zbekistonda 2019-yil 1-yanvardan sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotishi haqida xabar qilingan edi.