Hokim: Qo‘yliq dehqon bozori poytaxt tashqarisiga ko‘chiriladi

Bozor ko‘chirilganidan so‘ng uning o‘rnida nima qurilishi hozircha noma’lum.
Sputnik

TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Poytaxtdagi yirik bozorlardan biri – Qo‘yliq dehqon bozori Toshkentdan tashqariga ko‘chiriladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Ushbu ma’lumotni Sputnik muxbiriga Bektemir tumani hokimi Shopo‘lat Asqarov tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorning ko‘chirilish muddati aniq emas, hozirda uning qayerga ko‘chirilishi masalasi hal qilinmoqda.

Toshkent bozorlarida 1-maydan noqonuniy savdo holatlariga chek qo‘yiladi

"Hozirda Toshkent viloyatida bozor ko‘chiriladigan joy aniqlanmoqda, u yerda yangi pavilonlar va barcha zarur infratuzilma bunyod etiladi. Bu ishlarni o‘tgan yili boshlash rejalashtirilgandi. Yangi bozor qurib bitkazilganidan keyin Qo‘yliq dehqon bozori u yerga ko‘chiriladi, uning yonida joylashgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori o‘z o‘rnida qoladi. Buyum va qurilish bozorlari ham joyida qoladi", — dedi Asqarov.

Bozor ko‘chirilganidan so‘ng uning o‘rnida nima qurilishi hozircha noma’lum. Bu yerda Toshkent viloyatidan kelganlar shahar jamoat transportiga chiqishlari uchun zamonaviy transport bog‘lamasi qurilishi mantiqqa mos kelgan bo‘lardi. Balki Qo‘yliq bilan "Do‘stlik" bekatini bog‘laydigan yerusti metrosi halqa yo‘lining so‘nggi bekati shu yerga qurilar.