Pekinda Abdulaziz Kamilov Hindiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Tomonlar O‘zbekiston-Hindiston kun taribining dolzarb masalalarini muhokama qildi va o‘zaro munosabatlardagi yangi dinamika va ijobiy tendensiyalarni ta’kidlab o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 24 apr — Sputnik. 2018-yil 23-aprel kuni Pekinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston-Hindiston kun taribining dolzarb masalalarini muhokama qildi va o‘zaro munosabatlardagi yangi dinamika va ijobiy tendensiyalarni ta’kidlab o‘tdi.

2017 yil natijalariga ko‘ra ikki tomonlama savdo hajmi 323,6 million dollarini tashkil etdi. Bu besh yil avvalgi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar ko‘p.

Vazirlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik borasida fikr almashib, uning ijobiy yakunlanishidan ikkala tomon ham manfaatdor ekanligini tasdiqlab o‘tishdi.

Uchrashuvda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi majlislarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari shu kuni ishni boshlayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlislarining kun tartibini muhokama qilishdi.