O‘zbekistonlik urush faxriylari "Aeroflot" samolyotlarida bepul parvoz qilishlari mumkin

Aksiya shu yilning 3-mayidan 12-mayigacha o‘tkaziladi
Sputnik

TOShKENT, 24 apr- Sputnik. Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73-yilligi sharafiga "Aeroflot" kompaniyasi shu yilning 3-mayidan 12-mayigacha faxriylarga mo‘ljallangan an’anaviy aksiyasini amalga oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Rossiya, MDH, Boltiqbo‘yi davlatlari va Gruziyada yashovchi hamda ushbu davlatlarning fuqarosi hisoblangan Ikkinchi jahon urushi faxriy va nogironlari hamda fashizmning sobiq voyaga yetmagan mahkumlariga ekonom klassda to‘liq bepul uchish huquqi beriladi. "Aeroflot" nafaqat tarif, balki barcha soliq va yig‘im to‘lovlarini to‘lashni ham o‘z zimmasiga oladi. Shuningdek, bayram aksiyasining har bir ishtirokchisi o‘zi bilan bir nafar hamrohning bepul parvozini rasmiylashtirishi mumkin.

Adliya vazirligi Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan fleshmobga start berdi

Ikkinchi jahon urushining barcha toifadagi faxriy va nogironlariga hamda fashizmning sobiq voyaga yetmagan mahkumlariga aksiya o‘tkazilishi davrida Rossiya ichida va quyidagi mamlakatlar orasida uchish imkoniyati beriladi: O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belorussiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Latviya, Estoniya, Litva, Moldaviya, Gruziya.

"Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi" va "Ikkinchi jahon urushi nogironi" toifasidagi faxriylarga Rossiya va MDH mamlakatlari hamda Boltiqbo‘yi, Gruziyadan Yevropaning quyidagi davlatlariga ham uchish imkoniyati taqdim etiladi: Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Polsha, Ruminiya, Serbiya, Xorvatiya, Avstriya va Chexiya.

Ushbu aksiya doirasidagi aviatashuvlar faqat shu yilning 3-12 may davrida amalga oshiriladi. Imtiyozli aviabiletlarni rasmiylashtirish 24-apreldan 12-maygacha davom etadi. Aksiya shartiga ko‘ra taqdim etilgan aviabiletning amal qilish muddati bir oy.

Aksiya "Aeroflot" guruhining "Aeroflot" OAJ tijorat boshqaruvidagi reyslarga (SU5000 — SU6999) to‘liq hajmda tatbiq etiladi. Aksiya "Aeroflot" OAJning boshqa aviakompaniyalar bilan "kod-shering" kelishuvi bo‘yicha amalga oshiradigan reyslariga (SU3000 — SU4999) tatbiq etilmaydi.