Rossiya Tojikiston va Qirg‘izistondagi bazalari jangovar tayyorgarligini kuchaytiradi

Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalari zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlanadi
Sputnik

TOShKENT, 24 apr – Sputnik. Rossiya Mudofaa vazirligi KXShTning Markaziy Osiyodagi ittifoqchi mamlakatlariga Afg‘oniston shimolidan jangarilar kirib kelishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga asoslanib RIA Novosti xabar berdi.

Rossiya raketaga qarshi mudofaa tizimining yangi raketasini sinovdan o‘tkazdi

"Ushbu maqsadda Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligini oshiramiz, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlaymiz. Hamkorlarimizga mintaqadagi qurolli kuchlarning jangovar imkoniyatlarini mustahkamlashda yordam ko‘rsatamiz, ularni qo‘llashni hamkorlikda rejalashtiramiz", — dedi u Pekindagi ShXT a’zo-davlatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishida.

Shoygu shu yilning mart oyida Tojikiston va Qirg‘izistonda antiterror qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari o‘tkazilganini eslatdi.

"Sentabr oyida turli kuch ishlatish tuzilmalarini jalb etgan holda "Issiq-Ko‘l — Antiterror-2018" hamkorlikdagi mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktabrda KXShT kollektiv kuchlari bilan birgalikda qator mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikistonda bo‘lib o‘tadi", — dedi u.