TOShKENT, 24 apr — Sputnik. 9-may — Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini xotirlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan #xotirakuniadliya xeshteg nomi bilan fleshmobga start berildi.
Mazkur xeshteg bilan vazirlik xodimlari urush yillariga bag‘ishlangan turli video va rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishni rejalashtirishgan.
"Bu sa’y-harakatlar ajdodlarimizning bukilmas irodasi va qahramonlik harakatlari, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari xotirasiga hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oilalarini ulug‘lash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish maqsadida amalga oshirilmoqda", — deyiladi xabarda.
Vazirlik "Harbiy yillar haqida eng yaxshi hikoya" (bobo-buvilarning hikoyalari, urush hayoti hikoyalari, adliya veteranlarining o‘z ishlari haqida hikoyalar, mustaqil O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining hikoyalari va h.k.), "Xotira va Qadrlash kuni eng yaxshi tabrik" (tabrik she’riy, nasriy, videorolik ko‘rinishida, tabrik matnlarini o‘qish, qo‘shiq kuylash shaklida bo‘lishi mumkin) tanlovlarini e’lon qildi. Tanlov ishlari Adliya vazirligining "Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey" sahifasiga joylashtirilishi mumkin. Eng ko‘p miqdorda layk olgan postlar uchun Adliya vazirligining maxsus sovg‘asi tayyorlangan.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan boshlangan aksiyani vazirlik xodimlari boshlab berdi. Ular joylarda urush guvohlarining uylariga borib, ular holidan xabar olishdi.