TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Toshkent Turin politexnika universiteti yangi o‘quv yilida 400 nafar (bakalavr) va 25 nafar (magistr) talabalar qabul qiladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
O‘tgan haftada hukumat tomonidan oliygohga qabul kvotalari tasdiqlandi.
Barcha tinglovchilar to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinadi. Ta’lim mutaxasisliklari bo‘yicha "Mashinasozlik texnologiyalar" — 200 nafar, "Sanoat-fuqarolik qurilish va arxitektura" — 50 nafar, "Sanoatda axborot texnologiyalar" — 100 nafar, "Aviakosmik injiniring" — 50 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
"Mexatronika" mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga 25 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oliygoh qabul kvotasi 350 nafar bakalavr va 50 nafar magistr bo‘lgan. Universitet Italiyaning Turin politexnika univestiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Shu yil yanvar oyida Turin politexnika universtiteti Janubiy Koreyaning avtomobilsozlash sohasida mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan "Ajou motor" kolleji bilan hamkorlik qilish memorandumini imzolagandi. Tomonlar innovatsion sohasini yanada rivojlantirish maqsadida avtomobil dizayni, arxitektura, boshqaruv tizimi, elektronika, diagnostika va navigatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, memorandum mutaxassislar (o‘qituvchi, professor, talabalar) almashinuvi, xizmat safarlar va xalqaro konferensiyalarni tashkil etishni nazarda tutadi.