O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ko‘p qirrali masalalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashishi rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 23 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Xabarda aytilishicha, Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkmanistonning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Shundan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ko‘p qirrali masalalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashishi rejalashtirilgan.

Turkmaniston prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi

Shuningdek, tashrif dasturida davlat rahbarlarining Toshkent shahridagi Ashxobod parkining ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchi iqtisodiy tuzilmalarining biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va sport sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.