TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Buxoro viloyatining Kogon shahrida 13-aprel soat 21.30 larda noma’lum shaxslar "Lasetti" mashinasida A.O‘ljayevning uyiga kelib o‘zlarini DXX maxsus xizmati xodimlari deb tanishtirishadi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Fuqaroning o‘z murojaatida bildirishicha, ulardan biri xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, unga nisbatan Toshkent shahrida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi va tergov harakatlarini o‘tkazish uchun uni Toshkentga olib borish kerakligini aytadi.
Ular unga nisbatan tazyiq o‘tkazmaslik hamda ishni ijobiy tomonga hal qilib berish evaziga 1 million dollar berishini talab qilganlaridan so‘ng A.O‘ljayevning uyi oldida noma’lum shaxslar undan 500 ming dollarni tovlamachilik yo‘li bilan olib voqea joyidan yashirinishgan.
Ushbu jinoyatni Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi B.Qosimov, Samarqand shahrida yashovchi P.Gulyamov, S. Mahmudov, M.Yusupov va A.Mamedovlar sodir etganliklari aniqlangan. Ularning barchasi ilgari sudlangan shaxslar bo‘lgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida B.Qosimov va P.Gulyamovlar ushlangan. S.Mahmudov, M.Yusupov va A.Mamedovlar Rossiyaning Qozon shahrida qo‘lga olingan.