TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, hozirda Xitoyning "Shanxay SIPG" klubida to‘p surayotgan Odil Ahmedov Sputnik Xitoy muxbiri bilan suhbatda Rossiyada o‘tkazgan davri va bo‘lajak jahon chempionati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Bu yil Rossiyada jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. G‘arblik muxlislar futbol bahslari paytida ularning xavfsizligiga tahdid bo‘lishidan cho‘chishmoqda. Bu xavotirlarda asos bormi? Shaxsan o‘zingiz rossiyalik ishqibozlar haqida qanday fikrdasiz?
— Jahon chempionati kichkina musobaqa emas. Menimcha, muxlislar tashvishlanishiga hojat yo‘q. Men rossiyalik ishqibozlarni yaxshi bilaman, ular futbolni va o‘z jamoalarini sevishadi, shuning uchun telbalardek ishqibozlik qilishadi. Xavotirlanish kerak emas.
— Ishqibozlar tomonidan yoki jamoangizda irqchilikka duch kelganmisiz?
— Bunaqa narsa bo‘lmagan. O‘zbekiston bir paytlar SSSRning bir qismi bo‘lgani uchun meni xuddi o‘zlarinikidek qabul qilishgan.
— Stadionlardagi sharoitlar haqida nima deya olasiz?
— Men "Krasnodar"da o‘ynagan paytimda sharoitlar juda yaxshi edi. Jahon chempionati uchun yaxshi stadionlar qurilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.
— Sizningcha qaysi terma jamoalar favorit?
— Menimcha, Ispaniya, Germaniya, Braziliya. Mana shulardan biri chempion bo‘ladi.
— "Anji" va "Krasnodar"da jami olti yil to‘p surgansiz. O‘tgan yili Xitoy klubiga o‘tdingiz. Qayerda moslashish qiyinroq bo‘ldi — Xitoydami yoki Rossiyadami?
— Shanxay — chiroyli shahar, mening oilamga ham yoqadi. Bu yerga moslashish qiyin emas.
— Men Rossiyada o‘ynashni orzu qilganman. "Anji"da olti yil to‘p surdim va men baxtliman. Ammo Rossiyaga qaytishni rejalashtirmaganman, Xitoydan so‘ng uyga qaytaman.
— Siz O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi hisoblanasiz. Uning tarkibida Xitoyga qarshi o‘ynagan bo‘larmidingiz?
— Biz Xitoyga qarshi ikki marta, 2011 va 2015-yilgi Osiyo Kubogida o‘ynaganmiz. Men bu yerda Shanxay jamoasi sharafini himoya qilaman. Terma jamoada esa o‘z vatanim sharafi uchun maydonga ushaman. Bu futbol. Qayerda o‘ynagan bo‘lsam ham, har doim professionalligimcha qolganman. Agar Osiyo chempionatida Xitoyga qarshi o‘ynash kerak bo‘lsa, albatta yuz foiz o‘ynayman.