Ertaga Shahram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliyev navbatdagi janglarini o‘tkazishadi

10 mart kuni professional ringda ilk janglarini o‘tkazishgan Shahram G‘iyosov argentinalik Nikolas Velaskesni nokautga uchratgan bo‘lsa, Murodjon Ahmadaliyev argentinalik David Paz ustidan texnik nokaut bilan g‘alaba qozongandi
Sputnik

TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Ertaga professional boksda faoliyat olib borayotgan o‘zbek bokschilari Shahram G‘iyosov hamda Murodjon Ahmadaliyevlar o‘zlarining navbatdagi janglarini o‘tkazadilar.

AQShning Bruklin shahrida bo‘lib o‘tadigan jang oqshomida Shahram G‘iyosov vengriyalik Gabor Gorbishga qarshi, Murodjon Ahmadaliyev esa argentinalik Karlos Gaston Suaresga qarshi ringga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, 10-mart kuni professional ringda ilk janglarini o‘tkazishgan Shahram G‘iyosov argentinalik Nikolas Velaskesni nokautga uchratgan bo‘lsa, Murodjon Ahmadaliyev argentinalik David Paz ustidan texnik nokaut bilan g‘alaba qozongandi.

Olamsportning xabar berishicha, "Sport" telekanali 22-aprel kuni tong soat oltidan boshlab o‘zbekistonlik bokschilarning navbatdagi janglarini jonli efirda namoyish etadi.