Lavrov: Suriyadagi kimoviy hujum "Oq kaskalilar" tomonidan sahnalashtirilgan

Rossiya TIV rahbarining aytishicha, Dumani ozod etgan Mudofaa vazirligi bu yerda kimoviy moddalar omborini topgan bo‘lib, bu moddalar Germaniyada va Porton-Daunda, ya’ni Solsberi shahrida ishlab chiqarilgan
Sputnik

TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyaning Duma shahrida amalga oshirilgani aytilgan kimoviy hujum aslida sahnalashtirilganini ma’lum qildi. U bu haqda "Rossiya segodnya" XAAga bergan intervyusida aytdi.

"Bilasizmi, isbotlar yetarlicha. Hammasi amerikaliklar, angliyaliklar va fransuzlarning Suriyadagi ishlab chiqarish va o‘zlari aytgan kimoviy qurollar omboriga bomba zarbalari berish uchun bahona bo‘lgan videodan boshlandi.

Sharqiy Gutada Solsberida ishlab chiqarilgan tutunli shashkalar topildi

Hech narsadan bexabar odamga ham shunisi tushunarliki, kimoviy qurol ombori qayerdaligini bilib unga bomba tashlash faqat bir narsani: uning atrofida yashaydiganlar uchun gumanitar halokatni yuzaga keltirishni anglatadi", dedi Lavrov.

Rossiya TIV rahbarining aytishicha, Dumani ozod etgan Mudofaa vazirligi bu yerda kimoviy moddalar omborini topgan bo‘lib, bu moddalar Germaniyada va Porton-Daunda, ya’ni Solsberi shahrida ishlab chiqarilgan.

"Hozirda topilgan moddalar mutaxassislar tomonidan tahlil qilinmoqda. Ammo shu bilan birga sahnalashtirilgan video "Oq kaskalilar" tomonidan uyushtirilgan — buni hech kim yashirib o‘tirmaydi. "Oq kaskalilar" esa faqatgina "Jabhat an Nusra" kabi terrorchilar va jangarilar nazorati ostidagi hududlarda ish olib borishadi. Ular bir yil avval Xon-Shayxunda xuddi mana shunday fitnaga qo‘l urishgandi va ular Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa qator g‘arb davlatlari tomonidan moliyalashtirilishi hech kimga sir emas", — dedi Lavrov.

Eslatib o‘tamiz, o‘ninchi aprel kuni Vashington Damashqni Sharqiy Gutadagi Duma shahrida tinch aholiga nisbatan kimoviy hujum uyushtirishda aybladi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya 14-aprel kuni kimoviy qurol ishlab chiqarilmoqda deya taxmin qilingan Suriya hukumat obyektlariga zarba berdi. Ular yuzdan ortiq raketa zarbasi berdi, ulardan 71tasi Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi.