TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Bugun Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ish boshladi. Uning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
“Shavkat Mirziyoyev Yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilayotgani, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi ekanini qayd etdi. Muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirib, korxona jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi”, — deyilgan xabarda.
Tantanali ochilish marosimida, shuningdek Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak ham ishtirok etdi. Novak Rossiya prezidenti Vladimir Putin tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.
Ochilish marosimida shuningdek, “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilovlar so‘zga chiqishdi.
Shundan so‘ng majmua faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.
Matbuot xizmati xabarida aytilishiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev bundan ikki yil oldin Qandim majmuasi qurilishining boshlanish marosimida ishtirok etgan. O‘tgan davr mobaynida bu yerda ulkan sanoat kompleksi va 1150 kishiga mo‘ljallangan ishchilar shaharchasi bunyod etildi. Yo‘llar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr, suv tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlari barpo qilindi.