O‘zbekiston va Turkiya IIV o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashdilar
Sputnik

TOShKENT, 19 apr – Sputnik. Turkiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Axmet Avshar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Mehmonlarni O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashdilar.

Tashrifning ikkinchi kunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish tizimining ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik mexanizmini yaratishga qaratilgan takliflarni birgalikda ishlab chiqish yuzasidan hukumatlararo xalqaro shartnomalar loyihasi bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishi va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga ham tashrif buyuradilar.