TOShKENT, 19 apr — Sputnik. 19-23 aprel kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnirga mezbonlik qiladi, deb xabar berdi IKA matbuot xizmati.
1992 yildan buyon har 4-yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqada kurashchilar 1996-yildan O‘zbekiston prezidenti sovrini uchun gilamga tushmoqda.
Bu yil 7 marotaba tashkil etilayotgan bellashuvlarda dunyoning 30 ga yaqin mamlakati polvonlari erkaklar o‘rtasida 73, 81, 90 va mutlaq, ayollar o‘rtasida esa 57 va 78 kilogramm vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Xalqaro turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
Mutlaq vazn toifasida musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan kurashchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini — 10 ming AQSh dollari bilan mukofotlanadi.
O‘zbek kurashi Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari tarkibiga rasman kiritildi. Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir "Osiyo Olimpiadasi" oldidan qit’a kurashchilari uchun muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini ham o‘taydi.