TOShKENT, 17 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Eron har ikki tarafdan cheklangan tovar pozitsiyalarini imtiyozli bojxona bilan ta’minlaydigan savdo bitim loyihasi muhokama qilindi, deb xabar qildi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Bitim loyihasi Tehron shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya majlisida ko‘rib chiqildi.
Tomonlar hujjat loyihasiga qo‘shiladigan mahsulotlar ro‘yxatini bir oy ichida tayyorlash va o‘zaro almashishga, shuningdek o‘zaro kelishilgan muddatda Toshkentda navbatdagi muzokaralarni tashkil etishga kelishdilar.
Bundan tashqari, ikki davlat bojxona ma’muriyatlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi memorandum imzolanadi.
"O‘zbekiston — Eron munosabatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri transport sohasidagi hamkorlikdir. Bizning vazifamiz — ikki mamlakatning eksport tuzilmalarini hisobga olgan holda mavjud tranzit tariflarini eronlik sheriklar bilan optimallashtirish. Bu har ikki tomonga, jumladan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarning ham raqobatbardoshligini oshiradi", — ta’kidlab o‘tdi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.
Eron tomoni "Mafsir-Sharif-Hirot" temir yo‘lining davomi bo‘luvchi "Xaf-Hirot" temir yo‘lining qurilishini yakunlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishi haqida xabar berdi. Bu esa, o‘z o‘rnida mintaqadagi davlatlar o‘rtasida mahsulotlar yetkazib berish narxi va muddati qisqarishi natijasida yuk tashish hajmining o‘sishiga olib keladi.