UzAirways va S7 Rossiyaga yangi parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Yo‘lovchilar 14-apreldan boshlab Toshkent va Namangandan Janubiy Saxalinsk, Xabarovsk, Vladivostokka parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi
Sputnik

TOShKENT, 14 apr — Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi va S7 Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Namangandan Rossiyaning Janubiy Saxalinsk, Xabarovsk, Vladivostok shaharlariga aviareyslarni yo‘lga qo‘ydi.

MAK matbuot xizmati xabariga ko‘ra, parvozlar kod-shering kelishuvi doirasida amalga oshiriladi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi va S7 Airlines aviakompaniyasi o‘rtasida imzolangan Kod-Sher kelishuvi asosida MAK yo‘lovchilari Toshkent va Namangandan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Federatsiyasining Uzoq Sharqida joylashgan — Janubiy-Saxalinsk, Xabarovsk, Vladivostok kabi shaharlariga va ortga parvoz qilishlari mumkin", — deyiladi xabarda.

Hikmatov: O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aviareyslar soni ko‘payadi

Xabarda aytilishicha, qatnovlar S7 Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Novosibirsk shahri orqali amalga oshiriladi.

Toshkentdan Janubiy-Saxalinsk, Xabarovsk va Vladivostok shaharlariga qatnovlar dushanba, payshanba va shanba kunlari, shuningdek, Namangan shaharlariga va ortga dushanba kunlari bajariladi.

Avvalroq Rossiya Transport vazirligi matbuot xizmati Rossiya va O‘zbekiston aviakompaniyalari rahbariyati ikki tomonlama parvozlar sonini ikki baravarga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishishganini xabar qilgandi.