TOShKENT, 14 apr — Sputnik. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi harbiy va fuqaro inshootlariga qarata yuzdan ortiq raketa uchirdi, deb xabar berdi RIA Novosti Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib.
Zarbalar dengiz va havodan berilgan. Hujumlar chog‘ida qanotli raketalar va "havo-yer" toifasidagi raketalardan foydalanilgan.
Suriya Bosh shtabi 110ta raketa uchirilganini ma’lum qildi.
Vashington va uning ittifoqchilari Suriyaga shanba kuni ertalab hujum qildi. Oq uy buni oqlash uchun nafaqat Damashq, balki Rossiya ham kimoviy qurol "qo‘lladi", deya "Skripal ishi"ga sha’ma qildi.
Ayni paytda ayrim amerikalik siyosatchilar Trampning bu qarorini noqonuniy va konstitutsiyaga xilof deb atashdi. Ularning fikricha, Tramp qonun chiqaruvchilar ma’qullamasdan turib zarba berishga qaror qilgan, bu esa AQSh Konstitutsiyasining birinchi moddasiga xilofdir. Unga ko‘ra, urush boshlash uchun prezidentga kongress ruxsat berishi kerak.