TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekistonlik professional bokschi Azizbek Abdug‘ofurov WBC Silver kamari uchun uchun bo‘ladigan jang oldidan rossiyalik raqibi Dmitriy Chudinovni yaxshilab o‘rganganligini aytdi.
Uning aytishicha, rossiyalik raqibining barcha janglarini ko‘rib, uning kuchli va zaif tomonlarini o‘rganishgan.
— Mashg‘ulotlarda asosan tezlikka e’tibor qaratdik. Kelasi haftadan sparring mashg‘ulotlariga kirishamiz, — dedi u Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan 26 yoshli Azizbek Abdug‘ofurov 2003-yildan buyon boks bilan shug‘ullanadi. U havaskor boksda ikki marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, O‘zbekiston kubogi sohibi, Qozon shahrida o‘tkazilgan Jahon universiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Hozirda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahridagi promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.
- Malayziyaga borishingiz qanday bo‘lgan?— so‘raymiz undan.
— Malayziyada o‘tkazilgan musobaqalarda jangimizni mahalliy promouterlar kuzatishgan ekan. Janglardan so‘ng menga shu yerda professional boks bilan shug‘ullanishimni taklif qilishdi,- deydi u. — O‘sha paytda O‘zbekiston terma jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etayotganim uchun ularning taklifiga rad javobini berganman. 2016-yilda yana bir bor taklif bilan chiqishganidan so‘ng u yerga bordim va shartnoma imzoladim.Uning aytishicha, hozirda Malayziyada Azizbek bilan birga Qudratillo Abduqahhorov, Ulug‘bek Sobirov, Anvar Turopov va Jasur Ahmadjonovlar professional ringda O‘zbekiston sharafini himoya qilishmoqda.Azizbekning eng yoqtirgan bokschisi Floyd Meyvezer ekan.
Uning fikricha, O‘zbekiston boks maktabi dunyodagi yetakchi maktablardan biri hisoblanadi.
— Hamurtlarimizdan Hasanboy Do‘smatov va Isroil Madrimovlarning janglarini diqqat bilan kuzatib boraman. Umuman olganda, terma jamoamizdagi har bir bokschi chempion bo‘lish imkoniyatiga ega, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Azizbek Abdug‘ofurov va Dmitriy Chudinov o‘rtasidagi WBC Silver kamari uchun jang 5-may kuni Toshkentda bo‘ib o‘tadi.
Chudinov 21 jangda g‘alaba qozongan (13 nokaut), ikki bor mag‘lubiyatga uchragan va ikki marta durangga erishgan.
Abdug‘ofurov o‘nta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan (to‘rt nokaut). U shu yilning 17-mart kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan jangida Janubiy afrikalik Alfonso Tissenni mag‘lubiyatga uchratgan.
Azizbek so‘zi oxirida o‘zbekistonlik boks muxlislarining zalda qo‘llab-quvvatlashlari unga dalda bo‘lishini alohida ta’kidladi.