Mehnat migrantlarini tashish uchun yuz dona avtobus sotib olinadi

Prezident avvalroq O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida gapirib o‘tgandi
Sputnik

TOShKENT, 13 apr – Sputnik. Shu yildan boshlab avtobusda xalqaro yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yurita boshlaydi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonda 1000ga yaqin "migrantlar uchun imtiyozli chiptalar" sotildi

Agentlikning bildirishicha, ushbu kompaniya uchun 100 dona avtobus xarid qilinadi va ular O‘zbekistonning turli mintaqalaridan xorijga qatnaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 5-martda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.

Qarorga asosan chet davlatlariga ishlashga ketuvchi mehnatkash fuqarolarga chegirmalar asosida chiptalarni xarid qilishi maqsadida maxsus ixtisoslashtirilgan kassalar tashkil qilinib fuqarolarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Prezident avvalroq O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida gapirib o‘tgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya va Qozog‘istonga mehnat qilish maqsadida yo‘lga chiqayotgan fuqarolar yo‘l kira arzonligi uchun avtobusda borishni ma’qul ko‘rishadi.