O‘zbekistondagi ilk KFC restorani qayerda joylashishi ma’lum bo‘ldi

Restoran 24 soat davomida ishlaydi, avtohavaskorlar esa mashinasidan tushmasdan buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Tovuq go‘shtidan tayyorlangan yemaklari bilan nom qozongan KFC tarmog‘ining Toshkentdagi restorani Xalqaro Vestminster universiteti qarshisida ochiladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Bir necha kun oldin restoran joylashadigan yerda umumiy qurilish ishlari boshlandi, uning yaqinida esa poytaxtdagi ilk tarmoq restorani qay tartibda ishlashini namoyish etuvchi bannerlar paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, restoran 24 soat davomida ishlaydi, avtomobil haydovchilari uchun esa taom olib kelib beriladi.

KFC O‘zbekistonga kelmoqda

Uning ochilish muddati haqida esa bannerlarda "Tez kunda" deb yozilgan bo‘lsada, hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Qurilish maydonidagi holatga qaralganda, loyiha ish boshlashi uchun kompaniyaga kamida bir oydan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.

Avvalroq KFC, McDonald's va Baskin Robbins kabi dunyoga mashhur tezkor ovqatlanish tarmoqlari O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida O‘zbekiston sobiq tashqi savdo vaziri Elor G‘aniyev aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, KFC shtab-kvartirasi AQShning Kentukki shtatidagi Luisvill shahrida joylashgan. U savdo hajmi bo‘yicha jahonda McDonald's kompaniyasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Kompaniyaning 110dan ortiq mamlakatda 42,7 mingga yaqin restorani bor.