TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekistonda mashinani xavfli uslubda boshqarish uchun jarima joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qildi.
Bu 2018-2020 yillar uchun harakat xavfsizligi konsepsiyasi loyihasida nazarda tutilgan.
Xususan, 2018-yil 1-iyulgacha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlanishi lozim. Qonunda "yo‘l harakatida bezorilik" tushunchasi kiritiladi.
Bunda transport vositasini boshqaruv qoidalariga qasddan rioya qilmaslik, tajovuzkor boshqaruvni ko‘rsatish, ogohlantirish signal bermasdan qo‘qqisdan harakat yo‘nalishini o‘zgartirish, xavfsiz bo‘lmagan holatlarda ovoz berish signallaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hatti-harakatlar uchun eng kam ish haqining 1 baravardan 3 baravargacha jarima choralarini qo‘llash rejalashtirilmoqda.
Bu kabi jarimalar dunyoning ko‘plab davlatlarda joriy etilgan. Masalan, Rossiyada mashinani xavfli uslubda boshqarish uchun 5000 rubl jarima, Germaniyada — 3 oyga haydash huquqidan mahrum etish yoki 250 yevro jarima, AQShda — 2500 dollar jarima, Yaponiyada — yarim yil ahloq tuzatish ishlari, Avstraliyada 5500 dollar jarima yoki 3-yilga haydash huquqidan mahrum etish choralari qo‘llanilishi mumkin.