O‘zbekiston bojxonalarida xufona tekshiruvlar o‘tkazildi

Tekshiruvlar bojxona xodimlarining xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni qay darajada ado etayotganligi, hushorligi va ogohligini sinovdan o‘tkazish maqsadida o‘tkazilgan
Sputnik

TOShKENT, 10 apr – Sputnik. Bojxona xodimlarining xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni qay darajada ado etayotganligi, hushorligi va ogohligini sinovdan o‘tkazish maqsadida 16 marotaba xufona tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" xabar bermoqda.

Yangi bojxona kodeksi – halol raqobatni rivojlantirishga qaratilgan

Xabarda bildirilishicha, bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasida Davlat bojxona qo‘mitasi hamda "Toshkent-AERO" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda shaxsiy tarkib va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Muloqotda asosiy e’tibor "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosiga qaratilgani xabar qilingan.

Ta’kidlanishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan pora berish va pora olishning huquqiy oqibatlari haqida ko‘rgazmalari, plakatlar va stol ustiga qo‘yishga mo‘ljallangan bukletlar ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha bojxona boshqarmalari, komplekslari va postlariga tarqatilgan. Profilaktik ma’ruzalar, uchrashuvlar, individual tartibda profilaktik tarbiyaviy ishlar va suhbatlar o‘tkazilgan.