O‘zbekistonda sudlar tomonidan o‘tgan uch oy ichida yuzdan ortiq odam oqlandi

2012-2016 yillarda bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan
Sputnik

TOShKENT, 10 apr – Sputnik. Joriy yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 68 ta jinoyat ishi bo‘yicha 114 nafar shaxsga nisbatan oqlash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, birinchi instansiya sudlari tomonidan 55 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) asnosida 9 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlar tugatilgan, yuqori turuvchi instansiya sudlari tomonidan 50 nafar shaxs oqlangan va ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tugatilgan.

Namanganda nohaq ayblangan IIB inspektori sudda oqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tomonidan 2 nafar shaxs va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan esa 9 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, birinchi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida — 29, Toshkent shahrida — 16, Toshkent viloyatida — 13, Surxondaryo viloyatida —7, Andijon viloyatida – 7, Xorazm viloyatida – 6, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 5, Samarqand viloyatida — 5, Farg‘ona viloyatida — 4, Jizzax viloyatida — 4, Sirdaryo viloyatida — 4, Navoiy viloyatida – 4 va Buxoro viloyatida 1 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

“Oliy sud tomonidan ushbu sud qarorlari o‘rganib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha e’lon qilingan ayblovlar dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxminlar yoki mish-mishlardan iborat ma’lumotlar hamda nomaqbul dalillarga asoslangani bois sudlar tomonidan barcha qarorlar asosli ravishda chiqarilgan deb topildi”, — deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, 2012-2016 yillarda bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 13-iyun kuni sud korpusi bilan bo‘lgan uchrashuvda xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchiga fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish orqaligina erishish mumkinligini alohida ta’kidlagandi.