TOShKENT, 9 apr — Sputnik. Rossiya Federatsiyasining Stavrapol o‘lkasida yo‘l transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari O‘zbekistonga keltirildi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
"O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar vazirliklari, "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida, joriy yilning 8-aprel kuni vafot etganlarning jasadlari Vatanga olib kelinib, ikkita maxsus transportda Jizzax viloyatining Zomin tumaniga yetkazildi. Vafot etganlar o‘z yashash joylariga dafn etildi", — deyilgan FVV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 4-aprel kuni "Stavropol-Novoaleksandrovsk" avtomobil yo‘lida "VAZ-2101" yengil avtomobili "Isuzu" yuk avtomobili bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Halokat natijasida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi.