Toshkent – Riga avtoyurishi qatnashchilari: O‘zbekistonda bizni iliq qarshi olishdi

Ishtirokchilar rallini 10-aprel kuni O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasida yakunlashni rejalashtirishgan
Sputnik

TOShKENT, 4 apr — Sputnik. 31-mart kuni Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi oldidan Toshkent — Riga avtoyurishi boshlandi, deb yozadi Sputnik Latviya.

"Do‘stlik yurishi" Latviya Respublikasining yuz yilligi hamda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 26-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.

Ralli jamoasi latviyalik tadbirkorlar hamda Latviyadagi Brainstorm guruhining ikki qatnashchisidan tashkil topgan. Ular to‘rt retromobil: ikki Jiguli, Volga va Opel Rekord mashinalarida 5700 kilometr masofani bosib o‘tishmoqchi.

Tashkilotchilar o‘zlarining bezatilgan avtomobillari suratlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishdi.

"Qanday go‘zallik! Ularni tez orada qadrdon Latviyamizda jonli ko‘rish imkoniyati bo‘lishiga umid qilamiz", — deb yozadi tashkilotchilar.

Dam olish kunlari ishtirokchilar Samarqandga tashrif buyurishdi, qadim shaharning go‘zalligi va salobatidan bahra olishdi hamda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi.

Buxoroda ularni shahar hokimi tantanali tarzda kutib oldi.

"Hali yo‘l oldinda bo‘lsada, charchoq sezilmoqda. Lekin mahalliy e’tibor va qaynoq qarshi olishlariga duch kelganingda butun charchoqlaringni unutasan", — deyishadi tashkilotchilar.

Ishtirokchilar rallini 10-aprel kuni O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasida yakunlashni rejalashtirishgan.