TOShKENT, 4 apr – Sputnik. O‘zbekiston Pro-ligasida ishtirok etadigan klublar tarkibidagi ba’zi futbolchilar test-sinovlaridan o‘ta olishmadi, deb xabar berdi O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Superliga hamda Pro-liga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati tasdiqlangan test-sinovlari orqali nazorat qilib borilishi joriy etilgan, yangi mavsum oldidan Superliga klublari futbolchilaridan test-sinovlari qabul qilingandi. Endilikda Pro-liga klublari futbolchilari ham normativlarni topshirishdi.
Xabarda aytilishicha, “Istiqlol”, “Yozyovon”, “Sho‘rtan”dan 1 nafardan,,“G‘ijduvon”, “Xorazm”, “Iftixor”, “Lokomotiv BFK”dan 2 nafardan va “Labsa”dan 3 nafar futbolchi test sinovlaridan o‘ta olmagan.
Sinovdan o‘ta olmagan futbolchilar soni borasida “Orol”, “Nurafshon” (4 nafardan), “Zomin”, “Xotira-79”(5 nafardan) va “Sherdor” (6 nafar) klublari “yetakchi”.
Klublarda natijalari qoniqarsiz chiqqan futbolchilar vaqtinchalik Pro-liga bahslariga qo‘yilmaydi. Pro-liganing 3-turidan keyin ulardan qaytadan test-sinovlari olinadi.