Mutaxassis: O‘zbekiston turizmdan yiliga 15 mlrd dollar daromad olishi mumkin

2017 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga tashrif buyurgan turistlar soni 2,5 milliondan oshgan
Sputnik

TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi Uzbekistan24 telekanaliga intervyusi chog‘ida O‘zbekiston turizmdan yiliga 15 milliard dollar daromad olishi mumkinligini ma’lum qildi.

"Statistika bo‘yicha, dunyoda to‘rt milliard inson sayohatchi sanaladi, ularning ko‘pchiligi bir o‘lkadan to‘rt kunlik yoki o‘n to‘rt kunlik sayohatni amalga oshiradi. Agar ularning yuzdan biri, ya’ni 15 millionini jalb eta olsak, shuning o‘zidan 15 milliard dollar daromad topamiz", — dedi Badak.

Uning fikricha, O‘zbekiston hozirda yiliga 10 million turistni qabul qila olish va yiliga 10 milliard dollar daromad qilish imkoniyatiga ega.

"O‘zbekiston to‘rt faslda ham turistlarni qabul qila oladi, faqat buning uchun eng avvalo turistik hududlarda zarur shart-sharoitlarni yaratish lozim. O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning gavhari. Uning turizm rivojlangan manzillari juda ko‘p", — deb ta’kidladi mutaxassis.

2017 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatga tashrif buyurgan turistlar soni 2,5 milliondan oshgan. Bu 2016-yilga nisbatan 24%ga ko‘pdir.