O‘zbekistonda ikki yil ichida 50dan ortiq kinoteatr quriladi

Hozirda yozgi, bir va ikki qavatli kinoteatrlarning namunaviy loyihalari tasdiqlangan
Sputnik

TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 2019-yil oxiriga qadar namunaviy loyiha bo‘yicha 50dan ortiq kinoteatr qurilishi rejalashtirilgan, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

“O‘zbekkino” kinoloyihalar uchun ssenariylar tanlovini e’lon qildi

Hozirda yozgi, bir va ikki qavatli kinoteatrlarning namunaviy loyihalari tasdiqlangan. Oxirgi ikki turdagi kinoteatrlarda har biri 50tadan o‘ringa mo‘ljallangan ikkitadan zal bo‘ladi.

"Ayni paytda bu kinoteatrlar qanday jihozlanishini o‘rganmoqdamiz. Ular albatta davr talabiga muvofiq bo‘lishi aniq. Kinoteatrlar faoliyatini tashkil etish uchun ularni milliy va zamonaviy filmlar premyeralari bilan ta’minlaydigan maxsus Prokat markazi tashkil qilinadi", — dedi "O‘zbekkino" Milliy agentligi texnik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Muhammedov Sputnik muxbiriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kinoteatrlar soni sezilarli ravishda oshishi ham mumkin, hozirda loyihani moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Suhbatdoshning aytishicha,O‘zbekiston Milliy banki ushbu obyektlarni qurish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beruvchi asosiy bank bo‘ladi.

"Kreditlar imtiyozli 7 foizli stavkada beriladi. Bankdan kredit olgan tadbirkor namunaviy loyihalardan biri bo‘yicha obyekt qurishi va standartlarga mos ravishda jihozlashi lozim bo‘ladi. Kelgusida yagona chipta tizimi, internet va mobil ilovalar orqali chipta sotishni joriy etish rejalashtirilgan", — dedi Muhammedov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil avgustida O‘zbekiston prezidenti milliy kinematografiyani qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini imzolagandi. 2018-yilda 20ta, 2020-yildan boshlab esa yiliga 30tadan to‘liq metrajli badiiy filmni moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ilmiy-ommabop, badiiy-uslubiy filmlar, kinoalmanaxlar, kinojurnallar va multfilmlar yaratilishi uchun ham mablag‘ ajratiladi.