Suriyada IShID tarkibida jang qilgan 8 nafar fuqaro 14-yilga qamaldi

O‘zbekistonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan muntazam ravishda terrorchilik guruhlar safiga qo‘shilgan fuqarolarga nisbatan chiqarilgan hukmlar to‘g‘risida axborot berilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari safida jangovar harakatlarni amalga oshirgan 8 nafar shaxsga nisbatan yakuniy hukmini o‘qib eshittirdi, deb xabar berdi RIA Novosti sud vakiliga tayangan holda.

DXX raisi Abdullayev buzg‘unchi siyosiy kuchlar faollashuvi kuzatilayotganini aytdi

"Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanining 8 nafar fuqarosi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari tomonidan turib jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun 6-yildan 14-yilga qadar ozodlikdan mahrum etildi", — deb ta’kidladi agentlik suhbatdoshi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlangan 2 nafar fuqaro — Muhammad Abdurasulov va Muhammadali Shokirov 2010-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga chiqib ketib, u yerda "Tablig‘i jamoat" xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolarining ta’siri ostiga tushgan.

Oradan 2-yil o‘tgach, ular Suriyadagi lagerga borib, IShIDga aloqador jangovar harakatlarda qatnashgan.

"2016 yilda Abdurasulov va Shokirov O‘zbekistonga qaytgan va 6 nafar fuqaroni Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga jo‘natgan", — deydi sud vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu guruhga nisbatan o‘tkazilgan tezkor-tergov harakatlari davomida yana 30 nafar O‘zbekiston fuqarosining Suriyaga chiqib ketishining oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan muntazam ravishda terrorchilik guruhlar safiga qo‘shilgan fuqarolarga nisbatan chiqarilgan hukmlar to‘g‘risida axborot berilmoqda. Jumladan, shu yil fevral oyida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi IShID terrorchilik tashkilotiga a’zo fuqaro Ahror Qosimovni 10-yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.