Human Rights Watch O‘zbekistonga keldi

"Xyuman Rayts Votch" vakili O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida muhim ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgani va bu jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi
Sputnik

TOShKENT, 2 apr — Sputnik. O‘zbekiston IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasida "Xyuman Rayts Votch" ofisining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Stiv Sverdlov va xalqaro tashkilot ofisining Qozog‘iston Respublikasi bo‘yicha maslahatchisi Viktoriya Kim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.

HRW: O‘zbekiston inson huquqlari borasida yangi sahifa ochdi
Ta’kidlanishicha, mehmonlarni O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qutbidin Burxonov qabul qilgan.

General-mayor Burxonov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Xalq farovonligi, yurt tinchligini ta’minlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini to‘laqonli va samarali himoya qilishga qaratilgan mazkur islohotlar natijasi, avvalo, mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanayotganini qayd etgan.

O‘z navbatida, Stiv Sverdlov iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchiligini bildirgan. Shuningdek, O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida muhim ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgani va bu jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlagan.