Rossiya va Qozog‘istonga ishlagani ketayotganlarga 1-apreldan imtiyozli chipta sotish boshlanadi

Bunda ular bo‘lg‘usi ish joyi, yo‘l marshruti va ketish istagidagi sanasi ko‘rsatilgan holda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olinishlari kerak bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 30 mar – Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Rossiya va Qozog‘istonda ishlash uchun yo‘lga chiqayotgan fuqarolarga imtiyozli chiptalar sotilishi 1-apreldan boshlanishini ma’lum qildi.

Chet elga ketayotgan migrantlar qanday qilib chegirmali chipta olishi mumkin ?

Agentlik matbuot xizmatining bildirishicha, Rossiya va Qozog‘istonda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqayotgan fuqarolar valyuta hisobi ochish va maxsus "VISA-migrant" kartalari olish, plaskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari yoki ekonom klass aviachiptalarni 20 foizgacha chegirma bilan maxsus kassalardan olish, shuningdek temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda bir martalik beg‘araz to‘lovni olish uchun o‘zlari yashab turgan tumandagi Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari lozim.

Bunda ular bo‘lg‘usi ish joyi, yo‘l marshruti va ketish istagidagi sanasi ko‘rsatilgan holda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olinishlari kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 5-martda O‘zbekiston prezidenti "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarorni imzolagandi. Hujjatda mehnat migrantlari uchun qator imtiyozlar belgilangan.