O‘zbekistonda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga murojaati soni oshgan

Ombudsmanga ko‘ra, 2017-yilda qamoqda saqlanayotgan shaxslardan kelib tushgan murojaatlar soni 2,7 marta oshib, 565 tani tashkil etgan
Sputnik

TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev senatorlar oldida Ombudsmanning 2017-yildagi faoliyatiga oid hisobotini taqdim etdi.

Muhammadiyev 2017-yilda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida xalqaro va xorijiy institutlari bilan muloqot faol rivojlanganini qayd etdi.

O‘zbekiston ombudsmani turmalardagi qiynoqlarning oldini olish mexanizmini yaratadi
www.ombudsman.uz internet sayti bazasida Ombudsmanning virtual qabulxonasi va fuqarolar murojaatlari hamda yuridik maslahat berish uchun 1096 to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida, ko‘rsatib o‘tilgan aloqa kanallari orqali fuqarolarning murojaatlari 2016-yilga qaraganda 1,9 marotaba oshgan va 2 429 tani tashkil etgan.

Qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash ustidan parlament nazoratini kuchaytirish borasida Toshkent va Navoiy viloyatlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida joylashgan 7 ta jazoni ijro etish muassasasida monitoring amalga oshirilgan. Qamoqda saqlanayotgan 900 dan ortiq shaxs bilan kollektiv va shaxsiy uchrashuvlar tashkil etilgan.

2017 yilda Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va Ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 9 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning mazmun-mohiyatini o‘rganib chiqish natijalariga ko‘ra 2917 murojaatga Ombudsman tomonidan qonunchilik bilan kafolatlangan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish yuzasidan yozma va og‘zaki maslahatlar berilgan. 3835 murojaat mazmunan ko‘rib chiqish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborilgan.