Germaniya hukumati O‘zbekistonga 12,3 million yevro ajratadi

Moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim sog‘liqni saqlash sohasida loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi
Sputnik

TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Germaniya va O‘zbekiston hukumati umumiy qiymati 12,3 mln yevro miqdoridagi moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

2018 yil oxirigacha mo‘ljallangan hujjat Toshkentda imzolandi. Hujjatni Germaniya hukumati nomidan GFRning O‘zbekistondagi elchisi Gunter Overfeld, O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev imzoladi.

Pravitelstva Germanii i Uzbekistana zaklyuchili soglashenie o finansovom sotrudnichestve

“Moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim sog‘liqni saqlash sohasida loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bular xususan, O‘zbekiston viloyatlarida sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha loyiha doirasida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilish va maxsus laboratoriyani jihozlash, shuningdek, loyihani amalga oshirishda bajariladigan tadbirlar uchun zarur bo‘lgan grantlarni ajratishdir”, — deyiladi Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan.

Qayd etish joiz, 1993-yildan buyon Germaniya hukumati tomonidan texnik va moliyaviy hamkorlik doirasida ajratilgan mablag‘lar miqdori 341 mln yevrodan oshdi.

Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan hisoblanadi. 2016-yilda o‘zaro tovar almashish hajmi 520 million dollardan oshgan. O‘zbekistonda Germaniya investitsiyasi ishtirokida 100 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatadi.