Adliya vazirligi propiska cheklovlarini bekor qilish haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi

Vazirlik OAV va boshqa ma’lumot tarqatuvchi manbalarni noto‘g‘ri ma’lumotlar va fuqarolarni chalg‘itadigan xabarlar berishdan tiyilishga chaqirgan
Sputnik

TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Adliya vazirligi Toshkent shahrida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish bo‘yicha ishlar to‘xtab qolmaganini ta’kidladi.

Vazirlik Telegram kanalida internetda "Propiska cheklovlarini bekor qilish muddati o‘tib ketdi, ammo bu mas’ullarning esidan chiqdi" mazmunida tarqatilgan maqolalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Vazirlikning bildirishicha, 2018-yil 20-martga belgilangan muddat Toshkent shahrida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yishning (hisobga olishning) soddalashtirilgan tartibini amalga kiritish uchun belgilangan muddat emas.

Pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlandi

Qayd etilishicha, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturining 56-bandida belgilangan muddat (2018 yil 20-mart) — Toshkent shahrida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish uchun belgilangan muddatdir.

"Toshkent shahrida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Davlat dasturiga kirgan biror tadbirning esdan chiqishi hatto nazariy jihatdan ham sodir bo‘lmaydigan hodisa. Chunki Davlat dasturiga kirgan har bir tadbir bo‘yicha tizimli nazorat olib boriladi. Muammoli xujjatlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasida har haftada 2-marta muhokama o‘tkaziladi", deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Vazirlik OAV va boshqa ma’lumot tarqatuvchi manbalarni noto‘g‘ri ma’lumotlar va fuqarolarni chalg‘itadigan xabarlar berishdan tiyilishga chaqirgan.