Besh o‘zbekistonlik gipnoz yordamida Olmaotada 9 ming dollarni o‘marishda gumonlanmoqda

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zida ular pensionerlarni bankkacha kuzatib borishgan va bankdan jamg‘armalarini olishlarini kutib turishgan
Sputnik

TOShKENT, 29 mar – Sputnik. O‘zbekistonlik besh fuqaro Olmaotada gipnoz yordamida pensionerlarning pulini o‘g‘irlashda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda shahar ichki ishlar bo‘limi matbuot xizmati xabar berdi.

Moldovalik firibgarlar O‘zbekistondan chiqarib yuborildi

Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar o‘z vatanlarida ilgari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

"Qog‘oz pullarni tekshirish va yangisiga almashtirib berish taklifi orqali ular qariyalarning to‘plab qo‘ygan pullarini olib ketishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu jinoiy guruhdagi ayollar bunda gipnozdan foydalanishgan: qariyalar o‘z jamg‘armalarini ularga qanday qilib berib yuborishganini zo‘rg‘a eslashgan", — deyiladi xabarda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zida ular pensionerlarni bankkacha kuzatib borishgan va bankdan jamg‘armalarini olishlarini kutib turishgan.

"Ayni paytda ularning uch nafar pensionerga nisbatan firibgarlik ishlatishgani va 3 million tenge (9 ming dollarga yaqin)ni qo‘lga kiritishgani aniqlandi", — dedi politsiya mahkamasi vakili.

"Gastrolchi"lar shunga o‘xshash boshqa jinoyatlarga ham aloqadorlikda gumon qilinmoqda.