Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish oson ish emas - NATO vakili

NATO bosh kotibining operatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari yordamchisi Jon Manza Afg‘onistondagi urushga barham berishning eng samarali yo‘li kelishuvga erishish ekanligini ta’kidladi
Sputnik

TOShKENT, 27 mar – Sputnik. NATO bosh kotibining operatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari yordamchisi Jon Manza "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuyida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaga taklif etilganidan mamnunligini bildirdi, deb yozadi "Jahon" AA.

Sisoyev: Afg‘oniston tinchligi – ShHT xavfsizligi garovi

"Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha juda ko‘p gapirilgan.  Bu borada NATO Afg‘oniston bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Mazkur mamlakatdagi tuzilmamiz alyansi Afg‘oniston askarlariga ko‘mak ko‘rsatayotir. Keyingi bir necha o‘n yillikda xavfsizlik masalasi bo‘yicha milliardlab dollar mablag‘ sarflangan",— dedi J.Manza.

Ammo Jo Manzaning fikricha, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish oson ish emas.

"Mamlakatdagi notinchlik xalqaro terrorizm bilan bog‘langan. Barchamiz bu xavfni qoralaymiz. Biroq unga barham berish uchun hali ko‘p ish qilinishi kerak. Urushga barham berishning eng samarali yo‘li kelishuvga erishishdir. Mana shu maqsad uchun zarur qadamlar qo‘yilishi kerak", — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkentda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston prezidenti, YeI tashqi siyosat mahkamasi vakili, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari, 25 davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mazkur konferensiya tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.