TOShKENT, 27 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun kelgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerinini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot xizmatining xabar berishicha, prezident shuningdek, xalqaro konferensiya ishtirokchilari — Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lini qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Xalqaro konferensiyada Afg‘oniston prezidenti, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya TIV rahbarlari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili, AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari ishtirok etmoqda.
Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishni maqsad qilgan ushbu yuqori darajadagi xalqaro anjuman O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishiga qanday asoslar borligini sanab o‘tdi. Prezident ushbu tashabbus O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘la mos kelishini, O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelishini, Afg‘oniston xavfsizligi bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va taraqqiyoti garovi ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish bo‘yicha tajribaga ega. O‘zbekistonning tashabbusi bilan 1999-yilda Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Rossiya va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasidagi “6+2” guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda Shimoliy ittifoq va Tolibon harakati vakillari ham ishtirok etgan edi.