TOShKENT, 26 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab plastik kartalar orqali multivalyuta to‘lov tizimi ishga tushadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu vaqtga qadar O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda mahalliy to‘lov tizimini asosiy xalqaro to‘lov tizimlariga integratsiya qilish jarayonini yakunlashi kerak. Bu xorijiy fuqarolar bank kartalarini respublikadagi barcha terminallar orqali qabul qilish imkonini yaratadi.
Bgungi kunda xorijda chiqarilgan bank kartalari O‘zbekiston hududida aksariyat hollarda qabul qilinmaydi. Yangi mexanizmga ko‘ra, xorijiy fuqaro o‘z kartasidan foydalanganda, uning hisob raqamidagi valyuta avtomatik ravishda so‘mga konvertatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab bank kartalari hisob raqamidagi xorijiy valyutani bankomatlardan naqd olish imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek, xorijiy valyutalarni internet orqali xarid qilish va sotish ham mumkin bo‘ladi.
Xorijiy mehmonlar uchun O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab tunu kun avtomatik ravishda ishlaydigan valyuta almashuv punktlari paydo bo‘ladi.