O‘quvchilarning o‘qishga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan akademik litsey direktorlari jazolanadi

Intizomiy jazo qo‘llanilgan rahbar xodimlarga nisbatan keyingi o‘quv yili davomida ish haqiga ustama belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Oliy ta’lim muassalariga o‘quvchilarining kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan akademik litsey direktorlari jazolanadi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri "Huquqiy axborot" kanali asosida.

Toshkentda Rossiya oliygohlarida o‘qish uchun tanlov o‘tkaziladi

Akademik litseylarga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tanlab olish, o‘qishga qabul qilish, ularning o‘qishini ko‘chirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasiga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlariga muvofiq tizimida akademik litseylar mavjud bo‘lgan tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, tegishli prorektorlar hamda akademik litseylar direktorlari, mas’ul xodimlari va professor-o‘qituvchilariga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Bunda intizomiy jazo qo‘llanilgan rahbar xodimlarga nisbatan keyingi o‘quv yili davomida ish haqiga ustama belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan akademik litseylarga o‘quvchilarni tanlab olish quyidagi bosqichlarda: psixologik-pedagogik jihatdan rivojlanishga tashxis qo‘yish (dastlabki tanlov); saralash imtihonlari (test yoki ijodiy) orqali amalga oshiriladi.

Xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalar, fan olimpiadalari III bosqichida 1-5 o‘rinlarni egallagan 9-sinf o‘quvchilari saralash imtihonidan ozod etiladi va qabul kvotasidan tashqari akademik litseyga qabul qilinadi.

O‘quvchi o‘quv dasturi va o‘quv rejasi talablarini bajarmaganligi, doimiy yashash uchun boshqa hududga chiqib ketganligi va boshqa shu kabi sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.