Afg‘onistonlik Asila: O‘zbekistonga kelib tinchlik nimaligini his etdim

Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan Toshkent anjumani matbuot markazida Surxondaryoda tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalar so‘zga chiqishdi
Sputnik

TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan xalqaro Toshkent anjumani arafasida Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tayotgan plenar sessiyalarda so‘zga chiqqan afg‘onistonlik yoshlar "O‘zbekiston — bu tinchlik" deya ta’kidladilar, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Norov Afg‘oniston urushining uch bosqichi haqida
Afg‘on yoshlari o‘z nutqlari avvalida O‘zbekistondek tinch zaminda tahsil olayotganlaridan, bunday shart-sharoitni yaratib bergan prezidentlar — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Afg‘oniston rahbari Muhammad Ashraf G‘aniga o‘zining minnatdorchiligini bildirdilar.

Konferensiyada so‘zga chiqqan afg‘onistonlik Asila Noyibzoda ushbu konferensiyada o‘tirganidan juda mamnunligini ta’kidladi.

"Biz O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida tahsil olamiz. Bu yerda 96 ta talabamiz, ulardan 11tasi qiz bola. O‘quv markazimizda til to‘garaklari, hunar o‘rgatadigan to‘garaklar, kompyuter o‘rgatadigan to‘garaklar mavjud. O‘quv dargohimizdagi sharoitlar juda yaxshi tayyorlangan, asosiysi nimani o‘rganishni xohlasak, buning iloji bor.

Ilgari televizor orqali O‘zbekistonni, ta’limdagi imkoniyatlarni, o‘zbek yoshlarini ko‘rib, havasim kelar edi. Mana bugun ular bilan bir qatorda tahsil olayapman. Ilgari Afg‘oniston Islom Respublikasi Samongon viloyatidagi maktabda o‘qituvchi edim. Nasib etsa, yurtimga qaytsam endilikda O‘zbekistonda olgan bilimlarimni Afg‘onistondagi yoshlarga ham o‘rgatish niyatidaman. Ayniqsa, o‘zbek tilini, qadimiy bobokalonlarimiz tarixini o‘quvchilarimga o‘rgatmoqchiman.

Studentka iz Afganistana Asila

Afg‘on yoshlari tinchlik deyilganda — O‘zbekistonni tushunishlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

"Tinchlik deganda O‘zbekistonni tushunamiz. Bu yerga kelib tinchlik so‘zining ma’nosini aslida nima ekanligini his etdim. O‘zbekiston juda go‘zal mamlakat, buning yaqqol guvohi bo‘lyapman. Ayniqsa, tinchlik, osoyishtalik havosi mening havasimni keltirdi. Mehribon odamlari ko‘nglimni quvnatdi. Niyatim, bizning Afg‘onistonimiz ham O‘zbekiston singari tinch bo‘lsin, rivojlansin!!!", — dedi afg‘onistonlik Asila Noyibzoda.