Endi fohishaxonaga borganlarga jarima solinishi mumkin

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda fohishalik bilan shug‘ullanish eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan
Sputnik

TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Adliya vazirligi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga fohishaxonaga jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida borgan shaxslarga jazo belgilash to‘g‘risidagi moddani kiritish taklif qilinmoqda. Bu taklif O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarining muhokamasi portaliga joylashtirilgan loyihadan o‘rin olgan.

Yuqumli kasalligi bor ayollar fohishalik bilan shug‘ullangani fosh qilindi

Kodeksda taklif etilayotgan 1901-moddaga ko‘ra, "Jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida fohishaxonaga borgan shaxs eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi".

Hozirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda fohishalik bilan shug‘ullanish eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Qonunchilikka taklif etilgan o‘zgartirish joriy yilning 2-apreliga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, so‘ngra Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi va 1-maydan kuchga kirishi rejalashtirilgan.