O‘zbekiston AQShdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston hukumati mamlakat farovonligi yo‘lida, xususan, iqtisodiyot, boshqaruv, fan va ta’lim sohalarida vatandoshlarning tajriba va malakalaridan samarali foydalanishni rejalashtirmoqda
Sputnik

TOShKENT, 22 mar — Sputnik. O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi diplomatik missiyalari (BMT huzuridagi doimiy vakolatxona va shahardagi bosh konsulxona) AQShda yashaydigan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

AQShdagi sarmoya tahlilchisi: O‘zbekiston Yaponiya darajasiga yetib olishi uchun imkoniyat bor

"Jahon" AAning yozishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakat farovonligi yo‘lida, xususan, iqtisodiyot, boshqaruv, fan va ta’lim sohalarida vatandoshlarning tajriba va malakalaridan samarali foydalanishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuvda tadbirkorlar, fan-ta’lim doiralari vakillari va Amerikadagi yetakchi universitetlar talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida har bir qatnashchi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, AQShdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarini respublikaga jalb etish orqali O‘zbekiston akademik va ilmiy salohiyatini oshirish taklif etildi. Tashabbus guruhi talabalarga chet tilini o‘qitish uchun AQShdagi vatandoshlarni O‘zbekistonga jalb etish tizimini yaratishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv davomida bundan tashqari, xorijdagi o‘zbekistonliklarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.