Toshkent militsiyasi xotirasini yo‘qotib qo‘ygan rossiyalikka oilasini topishga yordam berdi

Rossiyaga borish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng u Orenburg viloyatiga jo‘natiladi
Sputnik

TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Toshkent shahar IIBB xodimlari xotirasini yo‘qotgan Rossiya fuqarosining oilasini topishga yordam berdi, deb xabar qildi ShIIBB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqda Roza Faxretdinova ismli ayol 1977-yilda tug‘ilgan Dmitriy Pitko haqida yozib, uning otasi Orenburg viloyatining Aleksandrovsk tumanida yashashini bildirgan.

Toshkent militsiyasi tezkor xodimlari Sergey Dmitriyevichni topishdi va unga o‘g‘li haqida ma’lum qilishdi. Pitko Dimani anchadan buyon qidirayotganini, hatto "Jdi menya" ko‘rsatuviga murojaat qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 90-yillar boshida Sergey Dmitriyevich turmush o‘rtog‘i Nina, o‘g‘li Dmitriy va qizi Katarina bilan O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib ketishadi. Keyinchalik ular ajrashib ketishadi. Sergey Orenburgda qoladi, Nina esa Toshkentga qaytadi. Dmitriy 1994-yilda maktabni bitirib onasining yoniga qaytadi. O‘shandan buyon u otasi bilan ko‘rishmagan, Nina Pitko esa o‘sha yili vafot etgan.

Sotrudniki GUVD g. Tashkenta s oriyentirovkoy

Toshkent ShIIBB xodimlari Dmitriy Pitkoni to‘rt kunda topishdi, chunki ijtimoiy tarmoqdagi postda aytilgan "aeroport atrofi" kattagina hududni egallaydi. Avtomobillarni yuvish shaxobchasidagilardan biri Dmitriyga o‘xshagan shaxsni yo‘l chetidagi qahvaxona oldida ko‘rganini aytdi. Qahvaxona egasi Eduard Chulyakov va uning turmush o‘rtog‘i Lada Dmitriyni darrov tanishdi.

Ularning aytishlaricha, mart oyi boshida uning xotirasi qisman tiklangan, u qog‘ozga otasi haqidagi ma’lumotlar va Rossiyadagi manzilgohini yozib bergan. Keyinroq aniqlanishicha, bu ma’lumotlar qisman to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Qahvaxonada ishlovchi Yuliya Nikisheva ma’lumotlarni "Jdi menya" dasturining ijtimoiy tarmoqdagi guruhiga joylagan. Roza Faxretdinova shu asosda o‘z postini yozgan. Qahvaxona egalari va xodimlari ancha yillardan beri Dmitriyning qornini to‘qlab, ustini butlab kelishgan.

Rossiyaga borish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng u Orenburg viloyatiga otasining oldiga jo‘natiladi.