TOShKENT, 22 mar – Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi Telegram-kanalida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko‘ra sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanganligini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasi hamda Mehnat kodeksining 7-moddasiga muvofiq, majburiy mehnat, ya’ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
Mehnatga biron bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, quyidagi ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi:
harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida; favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda; sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar (masalan, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan jismoniy ishlarda foydalanish).