TOShKENT, 21 mar — Sputnik. O‘zbekiston tashqi savdo vazirligi huzuridagi UzTrade kompaniyasi Xitoyga 2 mln dollarlikdan ortiq tekstil mahsulotlari va yarim fabrikatlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzoladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Shartnomalar Xitoyda bo‘lib o‘tgan Yarn Expo — 2018 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida tuzildi.
"Tadbir doirasida UzTrade vakillari Xitoyning tekstil sanoati bo‘yicha yetakchi kompaniyalari — Xiamen Itg Tidak Bonded Logistics, Tianjin Textile Industrial Supply and Sale va China Chengtong International bilan Xitoy bozoriga O‘zbekiston testil mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish borasida muzokaralar olib bordi", — deb ma’lum qildi vazirlik.
Bundan tashqari, tomonlar Shanxayda o‘zbek-xitoy qo‘shma savdo uyini ochish masalasini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Xitoy 2020-yilgacha ikki tomonlama savdo hajmini 10 milliard dollargacha yetkazishni rejalashtirgan. 2016-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasidagi tovar almashish hajmi 4,2 milliard dollardan oshgan.