TOShKENT, 17 mar — Sputnik. O‘zbekistonda xorijlik futbol mutaxassislari jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqlardan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining "Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Soliq imtiyozlari 2023-yilning 1-yanvariga qadar amal qiladi. Xorijiy mutaxassislar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston professional futbol ligasi jamoat tashkiloti va professional futbol klublari tomonidan jalb qilingan bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi talabnomasiga ko‘ra xorijdan jalb qilinadigan mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirish konsullik xizmati va boshqa yig‘imlarsiz ta’minlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, "O‘zbekiston Professional futbol ligasi" jamoat tashkiloti va professional futbol klublari davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy to‘lov va barcha soliq turlaridan 2023-yilning 1-yanvarigacha ozod etildi.
Qarorga muvofiq, yuridik shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlaridan daromad solig‘i summasi Assotsiatsiyaning hududiy bo‘limlari, O‘zbekiston professional futbol ligasi va professional futbol klublariga homiylik hamda xayriya qilinganda o‘n foizdan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.
Futbolchi va mutaxassislar (murabbiy, hakam, nazoratchi), jumladan, xorijiy mutaxassislarga mashg‘ulot hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari paytda beriladigan ovqat pullari hamda mukofotlash xarajatlari jismoniy shaxslarning daromadlari sifatida kiritilmaydi.