O‘zbekiston va Turkiya imtiyozli savdo bitimini imzolash shartlarini muhokama qildi

Joriy yilning mart oyi yakunida Turkiya Iqtisodiyot vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan konsultatsiyalar o‘tkazish uchun tashrif buyurishi rejalashtirmoqda
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Istanbulda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo bitimini imzolash shartlari muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiya Farg‘ona vodiysida kasb-hunarga o‘qitish markazlarini ochadi

"Agar u imzolansa, har ikki davlat bir-biriga yanada qulay rejim taqdim etish, xususan, bojxona bojlarini pasaytirish va boshqa imtiyozlarni taqdim etish imkoniyatlari paydo bo‘ladi", — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida aprel oyida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xabarda aytilishicha, joriy yilning mart oyi yakunida Turkiya Iqtisodiyot vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan konsultatsiyalar o‘tkazish uchun tashrif buyurishi rejalashtirmoqda.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2016-yilda o‘zaro tovar almashish hajmi 29%ga oshib, 1,2 milliard dollarga yetgan. Mamlakatda Turkiyaning 500ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.