O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta narxi ikki baravarga arzonlashadi

Bundan tashqari, ranglari bilan farq qilib turuvchi ikki xil sug‘urta blankini joriy etish rejalashtirilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash polisi narxini ikki baravarga tushirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

O‘zbekistonda avtomobillarni ijaraga berish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugungi kunda bunday sug‘urta polisi narxi 400 ming so‘mdan ortiqroqdir. O‘zgarishlarga asosan, yaqin vaqt ichida bu narxni 200 ming so‘mgacha etib belgilash rejalashtirilmoqda.

"Bundan tashqari, yana bir yangilik – ranglari bilan farq qilib turuvchi ikki xil sug‘urta blankini joriy etishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda sug‘urtaning barcha turlari uchun yagona universal blankdan foydalaniladi, endilikda cheklovlarsiz alohida sug‘urta blankini ajratish rejalashtirilmoqda", — dedi Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi direktori Latif Zokirov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sug‘urta polisining noto‘g‘ri qo‘llanilishi, turli ko‘rinishdagi tovlamachiliklarning oldini oladi hamda uni olish jarayonini shaffof va osonlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi qonun 2008-yil aprelda qabul qilingan. Unda transport vositasiga egalik qilish huquqi vujudga kelganda transport egasi unga egalik qilish huquqi vujudga kelgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashi shartligi ko‘rsatilgan. Majburiy sug‘urta shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.