Chegarasiz quvonch yoxud ko‘zda yosh bilan diydorlashgan qardoshlar

Konibodomda nazorat-o‘tkazish punkti ochilganidan so‘ng hayot yanada qizg‘inlashib ketdi: tojik va o‘zbeklar o‘z qarindoshlari bilan diydor ko‘rishishga shoshilishmoqda
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Yaqinda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari hayotida muhim voqea sodir bo‘ldi: ikki davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari ochildi.

Sputnik Tojikiston So‘g‘d viloyatining Konibodom shahrida chegaralar ochilganidan keyingi holat va mahalliy aholining bunga munosabati bilan tanishdi.

Tojik va o‘zbeklar chegaralar ochilishini qanday kutib olishdi

Tojik-o‘zbek chegarasidagi uchastka 10-fevral kuni ochildi. Bu voqea qo‘shni tumanlar aholisi uchun butunlay kutilmagan hodisa bo‘ldi.

Albatta hamma Tojikiston va O‘zbekistonning yarashishiga umid qilayotgandi, lekin hech kim bu holat bunchalik tez amalga oshishini kutmagandi.

"Patar" — "Andarxon" punktining ochilgani haqidagi xabar yashin tezligida tarqaldi. Bir necha yildan so‘ng va nihoyat chegaradosh tumanlar aholisida qo‘shni davlat hududiga bir necha kunga vizasiz borish imkoniyati yuzaga kelgandi.

KPP "Patar" na granitse Tadjikistana i Uzbekistana

Nazorat-o‘tkazish punkti ochilgan dastlabki kunlarda yuzlab tojik va o‘zbeklar chegaraning har ikki tomonida barcha ishlarini tashlagancha navbatga turishdi va punkt ishlayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni xohlashdi.

Uzun navbatdan so‘ng baxtli fuqarolar chegaraning bu tarafiga o‘tishdi, ularning ko‘z oldida bir xil manzara — bir-birining diydoriga talpinayotgan odamlar namoyon bo‘ldi. O‘sha kuni uzoq yillardan buyon diydor ko‘rishmagan erkagu ayol qarindoshlar bir-birlarini bag‘irlariga bosgancha quvonchdan yig‘lashdi.

Konibodomdagi muhit

Konibodom mo‘’jazgina shaharcha, lekin uning sokin hayotida o‘zgarishlar yuz berdi.

Endi hamma yerda bir xil: O‘zbekiston haqida, chegaradan kim qanday o‘tgani, o‘tkazish punktida qancha vaqt turgani, qarindoshlari bilan diydorlashuv, nabiralar katta bo‘lib qolgani haqidagi suhbatlarni eshitish mumkin.

"Davlat chegarasidan o‘tishda cheklovlarning olib tashlanishi – bu Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevlarning tinchliksevar va oqilona siyosatlari mahsuli. O‘zbek va tojiklar o‘nlab yillar davomida tinch va ahil yashab kelishgan. Cheklovlarning bekor qilinishi – qo‘shma korxonalar, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, budjetga qo‘shimcha daromad va oxir-oqibat ikki mamlakat aholisi hayotining farovonlashuvi demakdir", — dedi Konibodom shahri raisi o‘rinbosari Homid Ilxom Muxtor.

Shaharda endi o‘zbek tilidagi suhbatlar ham tez-tez quloqqa chalinmoqda.

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi to‘qqiz o‘tish punkti ochildi

Hozirda Konibodomda ikkita — "Patar" va "Rovot" punktlari ishlamoqda. Negadir ikkinchi punkt aholi orasida ommaviyroq.

Ish kunlari navbatlar bo‘lmaydi, lekin dam olish kunlari chegaradan o‘tuvchilar gavjumlashadi.

"Birinchi kunlari odam juda ko‘p bo‘ldi. Keyin odamlar o‘zlarini bosib olishdi, istagan paytlarida O‘zbekistonga o‘tishlari mumkinligini tushunishdi. Juma kunlari odam ko‘p o‘tadi – hamma ishdan so‘ng dam olish kunlari qarindoshlari bilan ko‘rishgani shoshiladi", — deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazuv punktida

Konibodomdagi bugungi hayot haqida so‘zamol taksichilardan ko‘p narsalarni eshitish mumkin.

"Chegaralar ochilishini hammamiz hayajon bilan, bayramdek kutib oldik. Odamlar quvonchdan yig‘lab yuborishdi", — deydi haydovchi.

Haydovchilarning aytishlaricha, deyarli har bir kishining chegaraning narigi tomonida yaqin qarindoshlari bor.

"Bir paytlar chegara yo‘q edi. Konibodomda ko‘plab o‘zbeklar, chegaraning narigi tarafida esa ko‘plab tojiklar yashaydi. Hamma bir-biriga qarindosh", — deyishdi ular.

Taksichilarning aytishlaricha, bir oydan so‘ng ehtiroslar bosildi. Ammo hayajonli holatlar hali-hamon kuzatilib turibdi.

Taksisti na granitse mejdu Uzbekistanom i Tadjikistanom, arxivnoe foto

Yoshi o‘tgan bir ayol o‘tkazish punktidan ko‘zida yosh bilan ortiga qaytdi. Ma’lum bo‘lishicha, uning pasporti muddati eskirgan ekan, katta farzandlari O‘zbekistonga o‘tishibdi, lekin ayol o‘tolmabdi.

"Rosa yig‘ladi. Lekin pasportini almashtirishi kerak ekan. Chegarachilar uni yupatishdi, hujjatlari joyida bo‘lsa muammo chiqmasligini aytishdi", — deydi voqea guvohlaridan biri.

Ayolning o‘zi voqea haqida gapirib berolmadi. Faqat boshqa ko‘plab odamlar kabi ko‘zida yosh bilan "Prezidentlarimizga katta rahmat", deya oldi xolos.

Tojiklar ham, o‘zbeklar ham ikki mamlakat rahbarlariga bunday tuhfa uchun minnatdorlik bildirishdi.

"Prezidentimiz Imomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chegaralarni ochishgani va xalqlarimiz hayotini yengillashtirishgani uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman. Bundan buyon yanada yaxshi bo‘ladi deb umid qilaman", — deydi Konibodom tumani Po‘ladon qishlog‘ida yashovchi Abdurahmon Tursunov.

"Biz qarindoshlarimiz bilan 15-yildan beri ko‘rishmagandik. Yo‘llarni ochishgani uchun katta rahmat. Judayam xursandmiz", — deya jilmayadi konibodomlik Farida Qoraboyeva.

"Avvallari qo‘shni respublikaga o‘tishga imkonimiz yo‘q edi. Endi Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonlarning oqilona siyosati tufayli qo‘shnilarimiznikiga bemalol bora olamiz", — deydi Beshariq tumanilik Nasimbek Sobirov.

"Shavkat Mirziyoyevga katta rahmat. Imomali Rahmonga ham. Yo‘llar ochilganidan benihoya quvonchdamiz. Ilohim, yo‘llarimiz doimo shunday ochiq bo‘lsin", — deydi o‘zbekistonlik Nasiba Olimova.

"Prezidentlarimizga mingdan-ming rahmat": o‘zbeklar va tojiklar chegara ochilganidan quvonchda

"Odamlar endi qo‘shni davlatga erkin borishlari va qarindoshlari bilan ko‘rishishlari mumkin. Ikkala respublika rahbarlaridan cheksiz minnatdormiz", — deydi Konibodom shahrida yashovchi Qurbon G‘oziyev.

"Biz Tojikistondagi uyimizga kelmaganimizga o‘n yil bo‘lgandi. Bugun hech qanday qiyinchiliklarsiz chegaradan o‘tdik. Prezidentlarimizga rahmat. Hamisha sog‘-salomat bo‘lishsin, do‘stlik, qarindoshlik munosabatlarimiz hech qachon uzilmasin", — deydi O‘zbekistonda yashovchi juvon.

"Buni uzoq vaqtdan beri orzu qilardik va nihoyat orzumizga yetishdik. Prezidentlarimizga katta rahmat, umrlari uzoq bo‘lsin. Tojikiston va O‘zbekiston do‘stligi abadiy bo‘lsin. O‘rtamizda hech qachon to‘siq bo‘lmasin", — deydi o‘zbekistonlik Matluba Berdaliyeva.

Umuman olganda, nazorat-o‘tkazish punktida vaziyat tinch, chegarachilar odatiy tartibda ishlashmoqda, tirbandliklar kuzatilmayapti.

Chegaralar ochilishi kundalik turmushga qanday ta’sir qildi

Mahalliy aholining aytishicha, qarindoshlarning diydorlashuvi chegaralar ochilishidan keyin yuz bergan yagona ijobiy holat emas.

Tojikiston va O‘zbekiston aholisi uchun dam olish kunlarida yangi odat urf bo‘ldi. Endi erinmagan odam borki qo‘shni davlatga yo‘lga otlanadi: qarindoshlari bilan ko‘rishadi, mehmonga boradi, u-bu narsa sotib oladi, qo‘shnilar qanday yashayotganligi bilan tanishadi.

"Yakshanba kunlari odam ko‘p bo‘ladi, ish kunlari ozroq. Eng ko‘p odam juma kuniga to‘g‘ri keladi. Kim o‘zbek, kim tojikligini ham ajratish qiyin. O‘zbekistonliklarning ko‘pi tojikchani, tojikistonliklar esa o‘zbekchani yaxshi bilishadi", — deyishdi haydovchilar.

Chegaralar ochilishidan nafaqat aholi, balki mahalliy tadbirkorlar ham xursand. Ular mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorga ega bo‘lishdi.

Haydovchilar ham xursand, ularning mijozlari soni oshdi. Endi punkt oldida har kuni marshrut va taksilar navbatchilik qilmoqda.

Bundan tashqari, Konibodomda oziq-ovqat mahsulotlari sezilarli darajada arzonlashdi.

Bazar v gorode Kanibadam, arxivnoe foto

"Bozordagi mahsulotlar arzonlashdi. Oshko‘klar, un, tuxum narxi ancha tushdi. O‘zbekistonlik sotuvchilar bizdagidan ko‘ra arzonroq narxda sotishmoqda", — deyishdi ayollar.

Tojikistonlik savdogarlar ham o‘zbek hamkasblaridan qolishmaslikka harakat qilishmoqda va O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini olib o‘tishmoqda.

"Bu ularga ham, bizga ham foydali. Tojiklar O‘zbekistonda taqchil mahsulotlarni olib kelishmoqda. Hamma xursand", — deyishdi bozordagi xaridorlar.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari

1 martdan Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida ilgari yopib qo‘yilgan o‘nta nazorat-o‘tkazish punkti ishlay boshladi.

Chegaralar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashuvi tufayli ochildi. Ikki respublikaning ahillashuvi haqida ekspertlar Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib saylanganidan so‘ng fikr bildirishgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonda tantanali kutib olindi

O‘zbekistonning yangi rahbari birinchi navbatda qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi tiklandi, temir yo‘l qatnovini tiklashga kelishib olindi.

Tomonlar ikki mamlakatning madaniyat kunlarini o‘tkazdi, ko‘rgazma-yarmarkalar tashkil etilishi natijasida tojik va o‘zbek ishbilarmonlari bir necha million dollarlik shartnomalar imzoladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-10 mart kunlari Dushanbega davlat tashrifi bilan kelishi muhim voqeaga aylandi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida turli sohalar bo‘yicha 27ta hujjat imzolandi.